“Reklama to‘g‘risida”gi Qonun JSTning Xizmatlar savdosi bo‘yicha bosh bitimida nazarda tutilgan me’yorlar bilan o‘zaro muvofiqlashtiriladi

21.01.2024, 22:45

Oliy Majlis Senatining qirq to‘qqizinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.


Qonunda intellektual mulk, reklama va davlat boji bilan bog‘liq bo‘lgan milliy qonunchilikning qator normalarini Jahon savdo tashkilotining talablariga uyg‘unlashtirish maqsadida:

“Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”;

“Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”;

“Reklama to‘g‘risida”;

“Dori vositalari va farmasevtika faoliyati to‘g‘risida”;

“Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi nazarda tutilgan.


Xususan, “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun Jahon savdo tashkilotining Xizmatlar savdosi bo‘yicha bosh bitimida nazarda tutilgan me’yorlar bilan o‘zaro muvofiqlashtirilib, erkin raqobat muhitining yaratilishi ko‘zda tutilmoqda.


Senatorlarning fikricha, mazkur Qonunning qabul qilinishi milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlari talablariga muvofiqlashtirish orqali O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonining jadallashishiga hamda intellektual mulk ob’yektlarining himoya qilinishini ta’minlashga, O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy investorlarga bir xil shart-sharoitlar hamda teng raqobat muhiti yaratilishiga xizmat qiladi.

Увеличить на0%