Jamoatchilik kengashi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining

2020-yil 10-noyabrdagi 180-son buyrug‘i bilan qabul qilingan


Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi huzuridagi

Jamoatchilik kengashi to‘g‘risida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizom Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik, deb yuritiladi) huzuridagi Jamoatchilik kengashining (keyingi o‘rinlarda – Jamoatchilik kengashi) asosiy vazifalari, funksiyalari, vakolatlarini va faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.

2. Jamoatchilik kengashi o‘z ishini jamoatchilik asosida olib boradigan, doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblanadi.

3. Jamoatchilik kengashi Agentlikning markaziy apparati huzurida tashkil etiladi va uning faoliyati mazkur davlat organining barcha hududiy bo‘linmalari hamda tasarrufidagi tashkilotlariga tatbiq etiladi.

4. Jamoatchilik kengashi Agentlik direktorining buyrug‘i bilan tashkil etiladi.

5. Jamoatchilik kengashining qarorlari tavsiyaviy xususiyatga ega.

6. Jamoatchilik kengashi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, mazkur Nizomga hamda boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.

7. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi to‘g‘risida nizom va unga kiritiladigan o‘zgartirishlar hamda qo‘shimchalar Agentlik direktorining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.

2-bob. Jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari,

funksiyalari, huquqlari va majburiyatlari

8. Quyidagilar Jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari hisoblanadi:

fuqarolarning so‘z va axborot erkinligiga doir konstitusiyaviy huquqlarining ro‘yobga chiqishini ta’minlashda ishtirok etish, mamlakatni ijtimoiy-siyosiy va sosial-iqtisodiy rivojlantirishda ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish, media-bozorda ular uchun teng sharoitlar yaratish, shuningdek, jurnalistlar huquqlarini himoya qilishda qatnashish;

fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi eng muhim masalalar yuzasidan Agentlikning faoliyati haqidagi jamoatchilik fikrini tizimli monitoring qilish va har tomonlama tahlil qilish, sosiologik so‘rovlar o‘tkazish, jumladan, ularni axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘tkazish;

mamlakatimiz fuqarolari va yuridik shaxslarining axborotlarni tayyorlash, tarqatish, ulardan foydalanish sohasidagi huquq va manfaatlarini himoya qilishda qatnashish, Agentlik faoliyatining ochiqligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlarni monitoring qilish, uning faoliyati to‘g‘risida batafsil axborot olish imkoniyatlarini tahlil qilish, ularni yanada kengaytirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishda qatnashish;

davlat organlari va boshqa tashkilotlarga ular faoliyatining ochiqligini ta’minlashda, davlat xizmatchilariga ommaviy axborot vositalari bilan ochiq, ommaviy o‘zaro hamkorlik qilish madaniyatini singdirishda, shu jumladan, ularning matbuot xizmatlari (jamoatchilik bilan ishlash bo‘yicha bo‘linmalari) faoliyatini muvofiqlashtirish va uslubiy jihatdan ta’minlash orqali ko‘maklashishda qatnashish;

axborot xavfsizligini taьminlash, axborot sohasidagi xuruj va tahdidlarning oldini olishga hamda ularga qarshi o‘z vaqtida va munosib ravishda kurashishga qaratilgan choralarni amalga oshirishda ishtirok etish;

Agentlik faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlari va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etish, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilgan ishlar ustidan monitoring va tahlil o‘tkazish, shuningdek, ularning natijalari bo‘yicha takliflar tayyorlash;

mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlarni, investisiyalar kiritish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash uchun yaratilgan qulay sharoitlarni, avvalo, xorijiy ishbilarmon doiralar, tadbirkorlar, salohiyatli investorlar, davlat va jamoat arboblari orasida targ‘ib etish va keng xabardor qilish masalalarida davlat organlari va boshqa tashkilotlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari bilan o‘zaro hamkorlik qilishda ishtirok etish;

axborot sohasidagi qonun hujjatlarini qo‘llash amaliyotini umumlashtirish, ommaviy axborot vositalari, matbuot, noshirlik-matbaa va axborot-kutubxona faoliyatining rivojlanishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ilgari surish va ishlab chiqish jarayonida qatnashish;

jurnalistlar hamda ommaviy axborot vositalari, matbuot, noshirlik-matbaa va axborot-kutubxona korxonalari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, tarmoqning muhandislik-texnik mutaxassislarini tayyorlashda ko‘maklashish, ularning ijtimoiy va huquqiy himoyasini ta’minlashda ishtirok etish;

Agentlikning nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, noshirlik, matbaa korxonalari, axborot-kutubxonalar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorligini ta’minlash uchun “ko‘prik” rolini bajarish;

ommaviy axborot vositalari, matbuot, noshirlik-matbaa va axborot-kutubxona faoliyatining rivojlanishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish va ta’minlashda ishtirok etish, shuningdek, investisiyalar jalb etish va davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida loyihalarni amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish jarayonida qatnashish;

ommaviy axborot vositalari, noshirlik, matbaachilik va axborot-kutubxona faoliyatida qonun hujjatlari, texnik reglament va davlat standartlariga rioya etilishi, so‘z va axborot erkinligi kafolatlariga rioya etilishi borasida monitoring va nazoratni amalga oshirishda Agentlik bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;

kitob targ‘iboti orqali xalqimiz maьnaviyatini yuksaltirish, kitob mutolaasi madaniyatini oshirish va uni keng targ‘ib qilish, elektron va audio kitoblar yaratish, kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishda, shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan nashrlarning chop etilishi bo‘yicha maqsadli dasturlarni tayyorlash va ijrosini tashkil qilishda ishtirok etish;

Agentlik vakolatiga taalluqli masalalar bo‘yicha xalqaro hamkorlikni tashkil etish;

xorijda o‘zbek tili va adabiyotini keng targ‘ib qilish, nashriyotlarga kitob mahsulotlarining xalqaro kitob bozorida o‘z mavqei va salmog‘iga ega bo‘lishida ko‘maklashish, Agentlik faoliyatini isloh qilishda fuqarolar ishtirok etishi uchun yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganish va ularni yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

Agentlik tomonidan o‘tkaziladigan barcha matbuot anjumanlari, seminarlar, davra suhbatlari va boshqa ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etish, ularning samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;

Agentlik xodimlari va ular oilalarining uy-joy, ijtimoiy-maishiy, xizmat shart-sharoitlarini, ularga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish sharoitlarini, shuningdek, ishdan bo‘shatilgan yoki zaxiraga olingan xodimlarni ijtimoiy va kasbiy moslashtirish bo‘yicha muammolarni kompleks tahlil qilish hamda tahlil yakunlari bo‘yicha mazkur sharoitlarni yaxshilash yuzasidan takliflar kiritish.

9. Jamoatchilik kengashi o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:

Agentlikning faoliyatiga doir masalalar yuzasidan fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining tashabbuslari hamda murojaatlarini ko‘rib chiqishda ishtirok etadi, shuningdek, ularni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha davlat organiga tegishli takliflar kiritadi;

Agentlikning fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan o‘zaro hamkorligini tahlil qiladi, shuningdek, hamkorlikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;

Agentlik faoliyatiga taalluqli uning normativ-huquqiy hujjatlari va qarorlarini takomillashtirish, ulardagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi, shuningdek, kiritilgan takliflarni Agentlik xodimlari o‘rtasida muhokama qilishga bag‘ishlangan tadbirlarni tashkil etishda qatnashadi;

davlat dasturlari loyihalarini, tadbirlar rejalarini va Agentlik faoliyatiga taalluqli, shu jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi boshqa hujjatlarni ishlab chiqish yuzasidan takliflar tayyorlaydi, qabul qilingan dasturlarni amalga oshirishda vakolatlari doirasida ishtirok etadi, bajarilgan ishlarning samaradorligini tahlil qiladi, shuningdek, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;

Agentlik rahbarlari va xodimlarining fuqarolar bilan uchrashuvlarini, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini ko‘rib chiqish bilan bog‘liq ishlarni tashkil etishda, shu jumladan, joylarga borib tashkil etishda qatnashadi, ularning amalga oshirilishi ustidan monitoring o‘tkazadi;

Agentlik xodimlari va ular oilalarining uy-joy, ijtimoiy-maishiy, xizmat shart-sharoitlarini, ularga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish sharoitlarini yaxshilashda, shuningdek, ishdan bo‘shatilgan yoki zaxiraga olingan xodimlarni ijtimoiy va kasbiy moslashtirish muammolarini hal etishda ko‘maklashadi;

xodimlar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy va huquqiy himoya qilish masalalari bo‘yicha Agentlik xodimlari o‘rtasida keng tushuntirish ishlarini tashkil etadi;

Agentlikda, uning hududiy bo‘linmalarida va tasarrufidagi tashkilotlarida sog‘lom ishchanlik muhitini rivojlantirish, qonuniylikni, yuksak huquqiy madaniyat va axloqiylikni ta’minlash, xodimlarda Vatanga sodiqlik ruhini va qonunlarga bo‘lgan hurmatni kuchaytirish, ularni ijtimoiy, siyosiy, ruhiy va ma’naviy-ma’rifiy kamol toptirish, shuningdek, mazkur sohadagi ilmiy-ma’rifiy adabiyotlarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

mamlakatda va xorijda keng jamoatchilikni Agentlik faoliyatini isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar haqida muntazam ravishda xabardor qilishni ta’minlaydi hamda mavjud muammolarni hal qilish va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;

Agentlik faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy-nazariy va ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlarini tashkil etishda ishtirok etadi;

Agentlik faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish bo‘yicha bajarilayotgan ishlarning natijalarini tahlil qiladi, ularning samaradorligini oshirish va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;

o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarishda nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamda fuqarolar bilan hamkorlik qiladi.

10. Jamoatchilik kengashi zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun:

Agentlik tomonidan tashkil etiladigan ommaviy tadbirlar to‘g‘risidagi axborotni oldindan olish hamda mazkur tadbirlarda ishtirok etish;

Agentlik, uning hududiy bo‘linmalari va tasarrufidagi tashkilotlari rahbarlariga Jamoatchilik kengashi vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan takliflar kiritish;

Agentlik faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar va tavsiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan davlat organining axborotlari, statistika va boshqa materiallarini belgilangan tartibda olish;

Agentlik tomonidan ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik va ekspertlar muhokamasini ta’minlashda ishtirok etish;

jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlariga davlat organi tomonidan berilgan javoblarning sifatini tanlab olgan holda tahlil qilish;

Jamoatchilik kengashi majlislarida muhokama qilinadigan masalalarni yoritish bo‘yicha ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish;

yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun konferensiyalar, forumlar, seminarlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarni tashkil etish huquqiga ega.

Jamoatchilik kengashi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

11. Jamoatchilik kengashi o‘z faoliyatini amalga oshirishda:

jamoatchilik nazorati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya qilishi;

Agentlik faoliyati bilan bog‘liq qonun hujjatlarida belgilangan cheklovlarga amal qilishi;

Agentlik va uning mansabdor shaxslarining o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiradigan faoliyatiga aralashmasligi;

Agentlik va uning mansabdor shaxslari faoliyat ko‘rsatishi uchun to‘sqinlik qilmasligi;

fuqarolarning or-nomusi va qadr-qimmatini tahqirlashga, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘ymasligi;

jamoatchilik nazoratini amalga oshirish davomida olingan axborotning, agar bunday axborotni tarqatish qonun bilan cheklangan bo‘lsa, maxfiyligiga rioya qilishi shart.

Jamoatchilik kengashining zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

3-bob. Jamoatchilik kengashining tarkibini shakllantirish va

ishini tashkil etish tartibi


12. Jamoatchilik kengashining tarkibiga uning raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va a’zolari kiradi.

13. Jamoatchilik kengashi a’zoligiga, qoida tariqasida, davlat organida namunali xizmat ko‘rsatgan mehnat faxriylari, jamoatchilik faoliyati sohalarida katta amaliy tajribaga ega obro‘-e’tiborli fuqarolar, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari qabul qilinadi.

Jamoatchilik kengashi a’zolarining soni cheklanmagan.

14. Jamoatchilik kengashining tarkibi Agentlik direktorining buyrug‘i bilan har 3 yilda tasdiqlanadi.

15. Quyidagi holatlarda Jamoatchilik kengashining raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va a’zolari uning tarkibidan chiqarilishi mumkin:

ular tomonidan jamoatchilik kengashi tarkibidan chiqish to‘g‘risida ariza berilganda;

Jamoatchilik kengashining majlislarida muntazam ravishda ishtirok etmaganda, mazkur nizomning 11-bandida nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmaganda;

ularga nisbatan chiqarilgan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;

vafot etganda, shuningdek, sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori asosida ular muomalaga layoqatsiz, bedarak yo‘qolgan yoki vafot etgan deb topilganda.

16. Jamoatchilik kengashining tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar va unga kiritilgan o‘zgartishlar ular tasdiqlangan paytdan boshlab 5 kun ichida Agentlikning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

17. Jamoatchilik kengashining raisi:

Jamoatchilik kengashining faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi;

Jamoatchilik kengashining majlislarini chaqiradi va kun tartibini belgilaydi;

Jamoatchilik kengashining majlislarida raislik qiladi;

Jamoatchilik kengashining ish rejasini, majlisi bayonnomasini va boshqa hujjatlarini tasdiqlaydi;

Jamoatchilik kengashi qarorlarining ijrosini nazorat qiladi;

Jamoatchilik kengashi a’zolarining zimmasiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishini muvofiqlashtiradi;

Agentlikning rasmiy veb-saytida va boshqa resurslarda joylashtiriladigan Jamoatchilik kengashining faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar tarkibi bo‘yicha takliflar kiritadi va uni Agentlik direktori bilan kelishadi;

Jamoatchilik kengashi qarorlarini bajarish masalalari yuzasidan Agentlik direktori bilan hamkorlik qiladi;

Jamoatchilik kengashi ishining samaradorligini ta’minlash bo‘yicha boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

18. Jamoatchilik kengashining raisi bo‘lmagan taqdirda, uning vakolatlari va majburiyatlarini rais o‘rinbosari bajaradi.

19. Jamoatchilik kengashi raisining o‘rinbosari:

rais yo‘qligida Jamoatchilik kengashining majlislarida raislik qiladi;

Jamoatchilik kengashi qarorlarining ijrosini nazorat qilish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi;

fuqarolarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qiladi, shuningdek, Jamoatchilik kengashi faoliyatiga taalluqli murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi;

Jamoatchilik kengashi ishining samaradorligini ta’minlash bo‘yicha boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

20. Jamoatchilik kengashining kotibi:

Jamoatchilik kengashining faoliyatini uslubiy, tashkiliy-huquqiy

va tashkiliy-texnik jihatdan ta’minlash masalalarini hal qiladi;

Jamoatchilik kengashining navbatdagi majlisiga barcha zarur materiallar o‘z vaqtida tayyorlanishini ta’minlaydi, Agentlik xodimlaridan zarur hujjatlar va ma’lumotlarni so‘rab oladi;

kun tartibiga muvofiq Jamoatchilik kengashi majlislari o‘tkazilishini tashkil etadi;

Jamoatchilik kengashi o‘tkaziladigan sana, joy va taklif etiladigan shaxslar ro‘yxatini Jamoatchilik kengashining raisi bilan kelishadi;

Jamoatchilik kengashining a’zolarini va taklif etilgan shaxslarni Jamoatchilik kengashi majlisi o‘tkaziladigan joy, sana va vaqt haqida xabardor qiladi;

Jamoatchilik kengashi qarorlarining ijro etilishi ustidan monitoring olib boradi va uning natijalarini Jamoatchilik kengashi majlisida ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar kiritadi;

Jamoatchilik kengashi majlisining bayonnomasini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonnomaning Jamoatchilik kengashi a’zolari hamda boshqa manfaatdor shaxslarga yetkazilishini ta’minlaydi;

Jamoatchilik kengashining samarali ishlashini ta’minlash bo‘yicha boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

21. Jamoatchilik kengashining a’zolari o‘z majlislarida ko‘rib chiqiladigan masalalarni muhokama qilish va hal qilishda o‘z vakolatini boshqalarga o‘tkazish huquqiga ega emas.

Jamoatchilik kengashining majlisida ishtirok etish imkoni bo‘lmagan holatlarda, uning a’zosi majlis kun tartibidagi masalalar bo‘yicha o‘z fikrini yozma shaklda yuborishi mumkin. Bunda uning fikri majlisda ko‘rib chiqiladi va ovoz berishda hisobga olinadi.

Jamoatchilik kengashining a’zolari:

o‘z zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun Agentlik tomonidan tashkil etiladigan hay’at majlislarida va boshqa ommaviy tadbirlarda ishtirok etadi;

Jamoatchilik kengashi ish rejalarining loyihalarini tayyorlaydi, ularni Jamoatchilik kengashida ko‘rib chiqish uchun kiritadi va tasdiqlangan ish rejalari bajarilishini ta’minlaydi;

Agentlik faoliyatining samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar va tavsiyalarni ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda qatnashadi;

Agentlik xodimlari, ularning oila a’zolari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi va ularning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha takliflarni Jamoatchilik kengashiga kiritadi;

Jamoatchilik kengashining kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan tahliliy materiallar tayyorlaydi;

Jamoatchilik kengashining vakolatiga kiradigan masalalar bilan bog‘liq murojaatlarni ko‘rib chiqadi va natijalari bo‘yicha tegishli hujjatlarni tayyorlaydi;

Jamoatchilik kengashining zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

22. Jamoatchilik kengashi faoliyatining asosiy masalalari uning majlisida ko‘rib chiqiladi. Jamoatchilik kengashining majlisi uning ish rejalari asosida har chorakda kamida bir marta chaqiriladi.

Jamoatchilik kengashining raisi Jamoatchilik kengashi a’zolarining uchdan bir qismining yozma murojaati asosida uning navbatdan tashqari majlisini chaqirishi mumkin.

23. Jamoatchilik kengashining majlislariga boshqa davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari taklif etilishi mumkin.

24. Jamoatchilik kengashi majlisi kun tartibining loyihasi kotib tomonidan Jamoatchilik kengashi a’zolarining takliflari va Jamoatchilik kengashi raisining topshirig‘i asosida shakllantiriladi.

25. Jamoatchilik kengashining majlisini uning raisi olib boradi. Rais ishtirok eta olmagan holatlarda, majlisni uning o‘rinbosari olib boradi.

Jamoatchilik kengashining majlisida Agentlik direktori, uning o‘rinbosarlari va boshqa xodimlar ishtirok etishi mumkin.

26. Jamoatchilik kengashining majlisi, agar unda Jamoatchilik kengashi a’zolarining kamida uchdan ikki qismi (kvorum) ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.

Majlisni o‘tkazish uchun kvorum shakllanmagan taqdirda, Jamoatchilik kengashining majlisi o‘tkaziladigan sana e’lon qilinadi.

27. Jamoatchilik kengashining qarori majlisda ishtirok etayotgan Jamoatchilik kengashi a’zolarining oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.

28. Jamoatchilik kengashining har bir a’zosi qabul qilinayotgan qarorlar bo‘yicha o‘zining fikrini yozma shaklda ifodalashga haqli. Uning fikri Jamoatchilik kengashi majlisining bayonnomasiga majburiy tartibda qo‘shib qo‘yiladi.

29. Jamoatchilik kengashining majlisida qabul qilingan qaror bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Jamoatchilik kengashi majlisining bayonnomasi kotib tomonidan imzolanadi, majlisga raislik qiluvchi tomonidan tasdiqlanadi va uch kun muddatda Agentlikka, Jamoatchilik kengashi a’zolariga va manfaatdor shaxslarga yuboriladi.

30. Jamoatchilik kengashining qarorini tezlik bilan qabul qilish zaruriyati tug‘ilganda, uning raisi tashabbusi bilan qaror Jamoatchilik kengashining a’zolari bilan kelishilgan holda so‘rov yo‘li bilan qabul qilinishi mumkin.

Agentlik Jamoatchilik kengashining qabul qilgan qaroriga qo‘shilmagan hollarda, Jamoatchilik kengashining qarorini olgan kundan boshlab o‘n kundan kechikmay unga asoslantirilgan e’tirozini yozma shaklda yuboradi.

31. Jamoatchilik kengashining kotibi kengash a’zolari ko‘magida Jamoatchilik kengashi qarorlari ijrosining borishini o‘rganadi va ko‘rib chiqadi, zarur bo‘lgan hollarda, Jamoatchilik kengashining raisiga tegishli takliflar kiritadi.

4-bob. Yakunlovchi qoidalar

32. Jamoatchilik kengashining faoliyatini moddiy-texnik jihatdan ta’minlash Agentlik tomonidan, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

33. Jamoatchilik kengashining faoliyati uning nizomiga va O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq ekani Agentlik direktori tomonidan nazorat qilinadi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi huzuridagi
Jamoatchilik kengashi
TARKIBI

1. Dilshod Saidjonov – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari, Jamoatchilik kengashi raisi
2. Madamin Safarov – O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi raisi o‘rinbosari, Jamoatchilik kengashi raisi o‘rinbosari
3. Xushnudbek Xudoyberdiyev – O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori o‘rinbosari, Jamoatchilik kengashi a’zosi
4. Shuhrat Ahmedov – “KOLORPAK” MChJ ta’sischisi, Jamoatchilik kengashi a’zosi
5. Maqsudjon Asqarov – “WEB EXPERT” MChJ direktori, “kun.uz” veb-sayti rahbari, Jamoatchilik kengashi a’zosi
6. Salim Doniyorov – “Yangi O‘zbekiston” – “Pravda Vostoka” gazetalari Bosh muharriri, Jamoatchilik kengashi a’zosi
7. Beruniy Alimov – filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori,
O‘zJOKU katta o‘qituvchisi, Jamoatchilik kengashi a’zosi
8. Umida Teshaboyeva – Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi direktori, Jamoatchilik kengashi a’zosi
9. Ravshan Jo‘rayev – “UzReport” axborot agentligi direktori, Jamoatchilik kengashi a’zosi
10. Rajab Rajabov – O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi bosh direktori o‘rinbosari, “Renessans TV” telekanali direktori
11. Abdug‘ani Abdurahmonov – “Xabar” gazetasi va “xabar.uz” veb-sayti bosh muharriri, Jamoatchilik kengashi a’zosi
12. Nozima Murodova – O‘zJOKU prorektori, Jamoatchilik kengashi a’zosi
13. Barno Madaliyeva – “darakchi.uz” veb-sayti bosh muharriri, Jamoatchilik kengashi a’zosi
14. Rustam Raimov – “Credo Print Group” MChJ direktori, Jamoatchilik kengashi a’zosi
15. Sevara O‘rinboyeva – O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Axborot xizmati rahbari, Jamoatchilik kengashi a’zosi
16. Azamat Otajonov – “gazeta.uz” veb-sayti bosh muharriri, Jamoatchilik kengashi a’zosi
17.Ma'murjon Parpiyev – Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bo‘lim boshlig‘i, Jamoatchilik kengashi kotibi

Увеличить на0%