Turkiy davlatlar tashkiloti Samarqand sammitida OAV vakillari uchun zarur sharoitlar yaratildi

11.11.2022, 17:11

Bugun, 11-noyabr kuni Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. TDT Samarqand sammitini yoritish uchun "Boqiy shahar" majmuasida barcha zaruriy shart-sharoit yaratilgan 3 ta yirik matbuot markazi ish olib bordi.

Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo va kuzatuvchi davlat rahbarlari yig‘ilishi va uning doirasidagi tadbirlarni jahon axborot makonida keng yoritishda qariyb 600 ga yaqin mahalliy va xorijiy jurnalist ishtirok etdi.

Matbuot markazi faoliyatiga jalb qilingan 50 dan ortiq mahalliy ekspert ushbu tashkilotning har bir sohada davlatlar manfaati yo‘lidagi ahamiyati to‘g‘risida OAV vakillariga intervyu berishdi.

Shu qatorda, matbuot markazida Tashkilot faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha mutasaddi rahbarlar ishtirokida brifing o‘tkazildi va mahalliy-xorijiy jurnalistlar uchun intervyular tashkil etildi. 

"Boqiy shahar" majmuasidagi Kongress-markazda TDT davlat rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilish matbuot markazida havola orqali ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda, shuningdek,  katta monitorlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatildi. Davlat rahbarlarining nutqlari sinxron tarjima orqali, ishtirokchi mamlakatlarning ona tilida taqdim etildi.

TDT Samarqand sammitining yana bir ahamiyatli tomoni, davlat rahbarlari yig‘ilishidan so‘ng mamlakat yetakchilari Samarqanddagi Registon maydoni yonidagi xiyobonda daraxt ekdilar. Daraxt ekish marosimi bir vaqtning o‘zida Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Turkmaniston va Vengriya poytaxtlarida, mamlakatimiz hududlarida ham bo‘lib o‘tdi va barcha jarayonlar onlayn tarzda bevosita uzatildi.

Bu vaqtda Kongress-markazda mahalliy va xorijiy OAV vakillari uchun O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov va Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi vazifasini bajarib kelgan Bog‘dod Amreyev ishtirokida brifing o‘tkazildi. Unda Samarqand sammitida ilgari surilgan tashabbuslar, ularning dolzarbligi haqida ma’lumot berildi.

Uch kun davomida ish olib borgan matbuot markazida yuqori tezlikdagi internet, Wi-Fi ta’minoti va texnik uskunalar, umuman, ommaviy axborot vositalari va ekspertlar uchun yaratilgan imkoniyatlar TDT Samarqand sammiti va uning doirasidagi tadbirlarning samarali yoritilishiga xizmat qildi.

Shuningdek, TDT davlat rahbarlari yig‘ilishi va boshqa tadbirlardan sifatli foto va videomaterialar tezkor xostingga joylanib, OAVga havola orqali tezkor va o‘z vaqtida taqdim etildi.

Увеличить на0%