AOKA Ichki audit xizmati tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan tizim tashkilotlarida o‘tkazilgan ichki audit tadbiri yakunlari hamda tizim tashkilotlarida samaradorlik ko‘rsatkichlari, byudjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
Agentlik ichki audit xizmati boshlig‘i A.Salomov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Agentlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, viloyatlar, tuman (shahar) AKMlar rahbarlari va bosh hisobchilari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda dastlab, ichki audit xizmatining joriy yil ish rejasiga asosan o‘tkazilgan ichki audit tadbiri natijalari bayon qilindi.
Ichki audit xizmatining joriy yil ish rejasiga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan 1 ta Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar Boshqarmasi, 1 ta Qoraqalpog‘iston Respublikasi Axborot-kutubxona markazi va 15 ta tuman AKMlarida 2019-yil 1-oktyabrdan 2025-yil 1-aprelgacha bo‘lgan davrdagi byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘larining maqsadli va samarali foydalanilishi bo‘yicha o‘tkazilgan ichki audit hamda kameral nazorat tadbirlari natijasida 4 ta AKMda (23,5 foiz) uslubiy xatoliklar aniqlangan bo‘lsa, 13 ta tizim tashkilotida ( 76,5 foiz) moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlanmadi.
Davlatimiz rahbarining Davlat byudjeti mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanishni ta’minlash bo‘yicha tegishli farmonlari va Agentlik rahbari tomonidan Ichki audit xizmatini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatilayotgan amaliy yordamlari hamda moliyaviy xatoliklarning kelib chiqish sabablari, ularning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha o‘z vaqtida ko‘rilgan zaruriy choralar natijasida joriy yilda o‘tkazilgan ichki audit va kameral nazorat tadbirlarida deyarli moliyaviy xatoliklar aniqlanmagani, aniqlangan uslubiy xatoliklar ham 2020-2021-yillarda yuzaga kelganligi e’tirof etildi.
Biroq, sohaviy mutaxassislarning ish faoliyati, lavozim majburiyatlarining bajarilishi va statistik ma’lumotlarining yuritilishi kabi samaradorlik ko‘rsatkichlari yuzasidan joriy o‘rganishlarda bartaraf etilishi lozim bo‘lgan ba’zi xato va kamchiliklar mavjudligi aniqlandi hamda ushbu xato va kamchiliklarni bartaraf etish, ularning oldini olish va natijadorligini oshirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilish yakunida tizim tashkiloti rahbarlari va bosh hisobchilari tomonidan bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar hamda samaradorlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha natijadorlikni oshirish yuzasidan o‘zlari qiziqtirgan savollarga Ichki audit xizmati va Milliy kutubxona xodimlari tomonidan atroflicha javob olishdi.