Kitobxonlik dunyo miqyosida: Abu Dabida 34-xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi davom etmoqda
Dunyoning 96 mamlakatidan 1 400 dan ortiq nashriyot, kitob savdo tashkiloti va adabiyot sohasi vakillari, shoir va nosirlarni jamlagan nufuzli kitob yarmarkasi joriy yil 25 apreldan buyon bestseller asarlarni kitobsevarlarga taqdim etmoqda.
Xalqaro ko‘rgazmada AOKA bo‘lim boshlig‘i Avazxon Valixonov rahbarligida o‘zbekistonlik yetakchi nashriyotlar rahbarlari, jumladan, “O‘zbekiston”, “Yosh kuch”, “Zamin-nashr”, “Hilol-nashr”, “Yangi asr avlodi”, “Yoshlar matbuoti”, “Best book”, “Yoshlar matbuoti” nashriyotlari, “O‘zdavkitovsavdota’minot” tashkiloti, shuningdek, bolalar yozuvchisi Madina Mo‘minova ishtirok etmoqda.
An’anaviy tus olgan mazkur 34-kitob-ko‘rgazma yarmarkasida jahon adabiyotlari qatorida o‘zbek adabiyoti namunalari, turli tillarga tarjima qilingan asarlar, zamonaviy va an’anaviy nashrlar namoyish etilmoqda.
Qayd etish mumkinki, mamlakatimiz ko‘rgazma stendi xorijiy ishtirokchilar va mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Bugun yarmarka doirasida O‘zbekiston vakillari xorijiy nashriyotlar va adabiy tashkilotlar, jumladan, BAAning nashriyotlari, kitob mualliflari va adabiy agentliklari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi. O‘zaro muloqotlarda tajriba almashish, o‘zbek adabiyotini xorijiy tillarga va chet el adabiyotini o‘zbek tiliga tarjima qilish, hamkorlik aloqalarini rivojlantirish hamda ijodiy uchrashuvlar, mualliflar bilan bevosita muzokaralar o‘tkazildi.
Ma’lumot uchun: xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarka 2025 yilning 5 may kuniga qadar ADNEC ko‘rgazmalar markazida davom etadi.