Bolalar yo‘nalishida ijodkorlarni birlashtiruvchi platforma yaratiladi - Gʻayrat Bozorov

25.04.2025, 12:18

Bugun Parkent ijod uyida “Noshirlar va mualliflar uchrashuvi: bolalar va o‘smirlar adabiyotidagi muammolar va yechimlar”mavzusida seminar o‘z ishini boshladi.


Yetakchi nashriyotlar, bosma nashrlar muharrirlari, noshirlar, yozuvi-adiblar, yosh ijodkorlar, OAV vakillari ishtirokidagi tadbir joriy haftada Respublika bo‘ylab davom etayotgan “O‘zbekiston – kitobxonlar yurti” shiori ostida V Respublika “Kitobxonlik haftaligi” doirasida bo‘lib o‘tmoqda.


Seminarni AOKA direktorining o‘rinbosari Gʻayrat Bozorov ochib berdi. 


“Bolalar adabiyoti rivojiga nafaqat mamlakatimizda, balki global miqyosda e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yilning o‘zida 50 ta bolalar uchun mo‘ljallangan kitobga buyurtma berildi. Bu yil ham ijodiy ishlar davomi sifatida yana 50 ta kitobga buyurtma berish ko‘zda tutilgan. Bugungi seminarda ijodkorlar jamoasi keng muhokamalar va takliflar bilan chop etilajak asarlarni saralab olishadi”,-dedi Gʻayrat Bozorov so‘zi davomida. 


So‘zga chiqqanlar so‘nggi yillarda bolalar adabiyotini rivojlantirish fonida ko‘plab nashriyotlarda bolalar adiblari bilan hamkorlik munosabatlari yaxshilangani, adabiyotlar salmog‘i va sifati oshganini qayd etishdi. 

Ishtirokchilarning chekka qishloqlar va uzoq manzilda yashovchi bolalar ijodkorlarining asarlarini nashriyotlarga qanday yetkazish   borasidagi savoliga “Yangi avlod” nashriyoti negizida Telegram ijtimoiy tarmog‘ida “Bolalar ijodi” klubi faoliyat yuritishi ma’lum qilindi. 


Qo‘shimcha ravishda Gʻayrat Bozorov AOKA tomonidan barcha hududlarda professional va havaskor bolalar adiblarini yagona nuqtaga birlashtiruvchi platforma yaratilishi nazarda tutilayotgani, buning texnik-tashkiliy masalalari yuzasidan ish olib borilayotganini ta’kidladi. 

Seminar davra suhbati shaklida davom etmoqda.

Увеличить на0%