Axborot xizmati faoliyatini yaxshilash mezonlari: mobilografiya, press-pul va media ma’lumotlar bilan ishlash
OKMK Madaniyat uyida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tizim tashkilotlari Axborot xizmati mas’ullari uchun seminar-trening tashkil etildi.
Seminarda AOKA Axborot xizmati bo‘limi mutaxassislari Dilnoza Qurbonova va Murod Fayziyev matbuot kotiblari faoliyatida muhim ahamiyatga ega masalalar yuzasidan taqdimot qilishdi.
Jumladan, Dilnoza Qurbonova jurnalistlar va blogerlarni jalb qilgan holda matbuot pullini shakllantirish va ular bilan ishlash, kommunikatsiya vositalarini to‘g‘ri, oqilona qo‘llash, inqirozli vaziyatlarda pull xizmatini tezkor yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ma’ruza qildi.
Murod Fayziyev fotoapparatlar turlari, ulardan media kontent yaratishda samarali foydalanish, sifatli foto-, videomahsulot qanday bo‘lishi to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Shuningdek, OKMK Axborot xizmati rahbari Umida Qarshiboyeva press-reliz tayyorlash, press-kit borasida tushuntirish berdi.
Seminarda tashkilotlar faoliyati, amalga oshirilayotgan islohotlarni va erishilayotgan yutuqlarni o‘quvchilarga yetkazishda ijtimoiy tarmoqlarning imkoniyatlaridan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Shundan so‘ng, matbuot kotiblari kombinatning shonli muzeyi, Qalmoqqir konida bo‘lishdi hamda kondagi texnologik ishlab chiqarish jarayoni va 3-Mis boyitish fabrikasi faoliyati bilan tanishdi.
Axborot xizmatlari mas’ullari bunday seminar-treninglarni muntazam tashkillashtirish o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidlashdi.